http://uza.uz/ru/images/422.jpg 6 mart kuni Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi. Farg‘ona viloyati o‘zining yer osti va yer usti boyliklari, rivojlangan sanoat va kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalar, eng muhimi, ishning negizini biladigan, izlanuvchan va bunyodkor eli bilan mamlakatimiz taraqqiyotida alohida o‘rin tutadi, dedi Prezident. E’tiborga sazovor tomoni shundaki, ana shunday ulkan salohiyat yildan-yilga ortib va mustahkamlanib, Farg‘ona viloyati yurtimizning rivojlangan hududlaridan biriga aylanib borayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin. Birgina 2007 yil davomida erishilgan amaliy natijalar ham bu fikrni tasdiqlaydi. Shu davrda viloyatda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish 7,9 foiz, sanoat mahsulotlari – 7,2 foiz, qishloq xo‘jaligi – 8,4 foiz, xalq iste’moli mollari – 11,8 foiz, pullik xizmatlar – 20 foizga oshgani viloyat iqtisodiyotidagi o‘sish sur’atlaridan dalolat beradi. Bu borada ayniqsa yengil sanoat tarmog‘ida katta ishlar qilinmoqda. 2007 yilning o‘zida sohaga 81,3 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya, jumladan, 20,2 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar jalb etilganini ta’kidlash joiz. Eng muhimi, shuning hisobidan Uchko‘prik tumanida “Humo uch”, Quva tumanida “Quvatekstil”, Marg‘ilon shahrida “Orshaxtekstil”, Rishton tumanida esa “Rishton” kabi bir qator korxonalar ishga tushirilib, minglab yoshlarimiz zamonaviy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi. Viloyatda 2006-2007 yillar mobaynida mahalliylashtirish dasturi doirasida salkam 22 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va bu o‘z navbatida 17,7 million dollar miqdorida valutani iqtisod qilish imkonini berdi. Ayni paytda qurilish materiallari sanoatini modernizatsiya qilish dasturiga muvofiq, 5 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, yiliga 6 million 700 ming dona g‘isht ishlab chiqaradigan 3 ta korxona, asfalt-beton zavodi, eshik va romlar tayyorlaydigan korxona foydalanishga topshirilganini ijobiy baholash lozim. 2007 yilda viloyatda qariyb 620 ming kvadrat-metr uy-joy barpo etilib, 88 kilometrdan ziyod tabiiy gaz, salkam 200 kilometrlik ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. 11 ming 835 o‘quvchiga mo‘ljallangan 15 ta kasb-hunar kolleji, 1 ming 470 o‘rinli 2 ta akademik litsey, 22 ming 670 o‘quvchi ta’lim oladigan 49 ta maktab foydalanishga topshirildi. Bularning barchasi viloyatda keng ko‘lamli kapital qurilish ishlari bajarilganini ko‘rsatib turibdi. Yetakchi tarmoq bo‘lmish qishloq xo‘jaligini zamon talablari asosida rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar ham o‘zining amaliy natijalarini bermoqda, deb qayd etdi davlatimiz rahbari. Buni ayniqsa viloyatdagi mavjud 24 ming 197 ta fermer xo‘jaligi qishloqda hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgani misolida ko‘rish mumkin. O‘tgan yili hududda yetishtirilgan paxta va g‘alla hosili yuz foiz fermer xo‘jaliklari tomonidan tayyorlangani ham bu fikrni isbotlaydi. Aytish joizki, keyingi yillarda fermer xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, ularni zamonaviy texnika, tegishli resurslar bilan ta’minlash, qishloqda zarur infratuzilmani rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor berilayotgani sohada qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarning muhim omili bo‘lmoqda. Shular qatorida Farg‘ona viloyatida birgina 2007 yilning o‘zida fermer xo‘jaliklariga 443 ta yangi texnika, jumladan, 299 ta traktor yetkazib berilgani va bu boradagi ishlar izchil davom ettirilayotganini qayd etish o‘rinlidir. Farg‘ona viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish borasida erishilgan bunday yutuqlarni xolisona tan olgan holda, ayni paytda islohotlarni chuqurlashtirish va ularning samarasini oshirish yo‘lida g‘ov bo‘lib turgan, barchamizni o‘ylantirib, tashvishga solib kelayotgan qator muammo va kamchiliklar borligidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi, albatta, dedi Islom Karimov. Misol uchun, asosiy tarmoq bo‘lmish sanoat sohasini oladigan bo‘lsak, avvalo, shuni aytish lozimki, Farg‘onada nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz iqtisodiyotida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan yirik korxonalar mavjud. Ayniqsa, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, “Farg‘ona azot” va Qo‘qondagi “Superfosfat” kimyo zavodlari, Quvasoydagi “Kvars” va “Quvasoysement” kabi eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat korxonalarining salohiyati katta ekanini ta’kidlash kerak. 2007 yil yakuniga ko‘ra, respublikada ishlab chiqarilgan umumiy sanoat mahsulotining 10 foizdan ortig‘i Farg‘ona viloyati korxonalari tomonidan tayyorlangani ham shundan dalolat beradi. Lekin tashvish uyg‘otadigan tomoni shundaki, viloyatda mavjud bo‘lgan ana shunday salohiyatdan hozirgi vaqtda yetarli darajada samarali va to‘la foydalanilmayapti. Bu borada olib borilgan tahlillar aksariyat sanoat korxonalaridagi asbob-uskuna va dastgohlarning nihoyatda eskirib qolganini ko‘rsatmoqda. Misol uchun, Farg‘ona mexanika zavodida asosiy ishlab chiqarish vositalarining 85 foizi, “Alisher Navoiy” tekstil qo‘shma korxonasida – 92 foizi eskirib qolganini qayd etish lozim. Shu bilan birga, ayrim sanoat korxonalarida ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish past darajada bo‘lib, 2007 yilda bu ko‘rsatkich Farg‘ona kimyo tolalari zavodida 12,8 foizni, Farg‘ona furan birikmalari zavodida 18,5 foizni, “Farg‘ona azot” korxonasida esa 58,8 foizni tashkil etganini afsus bilan ta’kidlashga to‘g‘ri keladi. Ayni paytda kimyo va to‘qimachilik sanoati korxonalarining moliyaviy ahvoli, ularning debitorlik va kreditorlik qarzlari oshib borayotgani jiddiy tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi. Bunday holatning asosiy sababi shuki, bugungi kunda mamlakatimizda eng ustuvor yo‘nalish sifatida amalga oshirilayotgan ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, yangi zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlash, raqobatga bardoshli mahsulotlar ishlab chiqarish masalasiga viloyatda yetarlicha e’tibor berilmayapti. Shuningdek, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, xususiy mulkni iqtisodiyotimizda yetakchi o‘ringa ko‘tarish, ishlab chiqarish sohalarini rekonstruksiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ularning samarali ishlashi uchun kerakli yordam berish masalalarida katta kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Viloyatdagi ilgari xususiylashtirilgan 50 ta korxonadan 24 tasi hozirgi vaqtda to‘la quvvat bilan ishlamayotgani, 26 tasining esa mutlaqo faoliyat ko‘rsatmayotgani, yangi quvvatlar barpo etish rejalashtirilgan 31 ta korxonadan 8 tasida qurilish va uskunalarni o‘rnatish ishlari oxiriga yetkazilmagani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Davlatimiz rahbari ana shu korxonalarni chuqur modernizatsiya qilish uchun birinchi navbatda chet el investitsiyalarini, zamonaviy texnologiyalarni viloyatga olib kelish zarurligiga e’tibor qaratib, quyidagilarni ta’kidladi. Viloyatda yer ko‘paymasa, suv ko‘paymasa, ertaga odamlarni nimaning hisobidan boqamiz, nimaning hisobidan daromad bilan ta’minlaymiz? Axir, faqat paxta yoki g‘alla yetishtirish bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi-ku! Lekin, ming afsuski, viloyatda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalasiga yetarlicha ahamiyat berilmayapti. Buni 2007 yilda investitsiya dasturida belgilangan 7 ta loyihadan atigi 2 tasi mahalliy hokimliklar tomonidan amalga oshirilgani, Oxunboboyev, So‘x va Yozyovon tumanlarida xorijiy investitsiyalar mutlaqo jalb qilinmagani, Furqat va Oxunboboyev tumanlarida esa chet el kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar umuman tashkil etilmagani ham isbotlaydi. Farg‘onaning kelajagi, shu yurtda yashayotgan odamlarning daromadi, hayot darajasini oshirish sanoat sohasini rivojlantirish, avvalambor, qishloq joylarda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ixcham korxonalar barpo etish, kommunikatsiya, servis va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini jadal taraqqiy ettirish bilan chambarchas bog‘liq. Bu haqiqatni avvalambor xalq katta ishonch bildirib, shu yurtga yetakchi qilib saylagan rahbarlar, mas’ul shaxslar hammadan ham chuqur anglab olishi lozim, dedi Yurtboshimiz. Sessiyada Farg‘ona viloyatidagi sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, ularning samaradorligini oshirish va to‘la quvvat bilan ishlab, yuksak sifatli mahsulot ishlab chiqarishiga erishish nafaqat viloyat, balki birinchi galda hukumat, markaziy vazirlik va idoralarning ham asosiy vazifasi ekani, bu borada eng muhim tarmoqlar va yirik korxonalarni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash bo‘yicha qabul qilingan maxsus dasturga muvofiq, hozirning o‘zidayoq bir qator jiddiy ishlar amalga oshirilayotgani va bunday chora-tadbirlar kelgusi yillarda ham izchil davom ettirilishi ta’kidlab o‘tildi. Men Farg‘ona viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida dekabr oyida farg‘onalik saylovchilar vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda atroflicha to‘xtalib o‘tgan edim, dedi Islom Karimov. Bugungi fursatdan foydalanib, yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman – Farg‘ona viloyatini har tomonlama taraqqiy ettirish, bu yurtni yanada obod qilish, odamlarimiz uchun munosib sharoit yaratib berish – bundan buyon ham davlatimiz, hukumatimizning e’tibor markazida bo‘ladi. Lekin, viloyatning o‘zida ham tashabbus va harakat bo‘lishi, viloyat rahbarlari va faollari, xalq ishonchini qozongan deputatlar bu masalada birinchi navbatda jon kuydirishi zarur. Shundan so‘ng Prezident Farg‘ona viloyatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida ham qator muammolar yechilmasdan qolayotganiga e’tiborni qaratdi. Viloyatda kichik biznes subyektlarining yalpi hududiy mahsulot tarkibidagi hissasi 51 foizni tashkil etgani holda, o‘tgan yili ularning eksport hajmidagi ulushi 5,6 foizga kamaygan. Dang‘ara tumani va Marg‘ilon shahrida bu ko‘rsatkich viloyat darajasidan ham past bo‘lgan, Bag‘dod, Beshariq va Toshloq tumanlarida esa bu sohadagi topshiriqlar umuman bajarilmagan. Viloyatda ro‘yxatga olingan kichik biznes subyektlari faoliyatini tahlil qilganda, ularning 74 foizi qishloq xo‘jaligi sohasida, 11 foizi savdo va umumiy ovqatlanish yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgani, iqtisodiyotimiz uchun ustuvor bo‘lgan sohalar, ya’ni sanoatda ularning ulushi 5,4 foiz, transport va aloqa tarmog‘ida 1,3 foiz, axborot xizmatlari ko‘rsatishda 0,2 foiz, ko‘chmas mulk operatsiyalari bo‘yicha 0,2 foizni tashkil etayotganini qoniqarli deb bo‘lmaydi. Tabiiyki, iqtisodiyot sohasidagi bunday kamchiliklar moliyaviy ahvolga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda viloyatdagi 19 ta shahar va tumandan 16 tasi dotatsiyada qolib kelmoqda. Ayniqsa, Furqat, So‘x, Yozyovon, Oxunboboyev, Buvayda va Farg‘ona tumanlarida, Marg‘ilon shahrida dotatsiya ulushi yuqori bo‘lib, afsuski, mavjud ahvolni o‘zgartirish uchun amaliy harakatlar ko‘zga tashlanmayapti. Yurtboshimiz hozirgi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish va shu asosda aholining hayot farovonligini yuksaltirish masalasiga ustuvor ahamiyat berilayotgani haqida to‘xtalib, bu masalaning yechimi sug‘oriladigan ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash, yerning tuproq unumdorligini oshirish bilan chambarchas bog‘liq ekanini alohida ta’kidladi. Bu haqda gapirganda, Farg‘ona viloyatidagi sug‘oriladigan maydonlarning o‘rtacha yer boniteti keyingi yillar davomida 10 ballga, Beshariq, Toshloq, Rishton va Uchko‘prik tumanlarida 15-16 ballga, Furqat tumanida 18 ballga, Buvayda tumanida esa 23 ballga kamayganini qayd etish lozim. Bugungi kunda viloyat bo‘yicha qishloq xo‘jaligidagi sug‘oriladigan yerlarning 51 foizini turli xil darajada, jumladan, 66 ming gektari yoki 26 foizini o‘rtacha va kuchli darajada sho‘rlangan maydonlar tashkil etadi. Bu boradagi ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish maqsadida 2008-2012 yillarga mo‘ljallab qabul qilingan maxsus davlat dasturida Farg‘ona viloyatida 56,5 milliard so‘mlik, jumladan, 2008 yilning o‘zida 8,4 milliard so‘m hajmidagi melioratsiya ishlarini amalga oshirish belgilangan. Bundan tashqari, bu yil Markaziy Farg‘ona tumanlariga Xitoydan 73 dona, Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan lizing kompaniyasi orqali viloyatga qo‘shimcha ravishda yana 28 dona zamonaviy meliorativ texnika keltirish ko‘zda tutilmoqda. Farg‘ona viloyatining o‘tgan yili paxta tayyorlash bo‘yicha shartnoma rejasini bajarishda qoloqlikka yo‘l qo‘ygani, yumshoq qilib aytganda, bir paytlar bu sohaning ustasi bo‘lgan sizdek mirishkor dehqonlarga albatta yarashmaydi, dedi Prezident. Paxtachilik sohasidagi bunday oqsoqlikning sabablaridan biri – ko‘p yildan buyon yechilmasdan kelayotgan, shu zaminga har tomonlama mos bo‘lgan g‘o‘za navini yaratish bilan bog‘liq. Viloyatning tuproq va iqlim sharoiti talablariga javob beradigan serhosil, ertapishar va sifatli tola olinadigan navlar yaratilmagani natijasida har 3-4 yilda g‘o‘za navlari almashtirilib, asosiy maydonlarga o‘rtapishar navlar ekib kelinmoqda. Xususan, 2007 yilda 61,4 foiz maydonga ana shunday navlar ekildi. Afsuski, bu navlar hozircha kutilgan samarani bermayapti. Hosildorlik va tola sifatining pastligi tufayli bir qator tumanlarda qilingan xarajatlar o‘zini qoplamayapti. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, viloyat hokimligi tegishli idoralar bilan birgalikda, Farg‘ona sharoitida jahon bozorida talab katta bo‘lgan, sifatli tola beradigan istiqbolli g‘o‘za navlarini yaratish va ularni ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha aniq va amaliy chora-tadbirlarni ko‘rishi zarur. Davlatimiz rahbari majlis ahli e’tiborini yana bir muhim masalaga qaratdi. Bu viloyatda yetishtirilayotgan meva va sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash bilan bog‘liq. Ma’lumki, Farg‘ona viloyati o‘zining so‘lim bog‘lari, shirin-shakar meva va sabzavot mahsulotlari bilan butun dunyoda shuhrat qozonib keladi. 2007 yilda 357 ming tonna sabzavot, 178 ming tonna meva, 53 ming tonna uzum yetishtirilgani ham viloyatning bu borada qanday katta imkoniyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Lekin, afsuski, bu mahsulotlarni qayta ishlash, shu sohada mavjud korxonalarning quvvatidan samarali foydalanish ishlari hamon qoniqarsiz ahvolda qolmoqda. O‘tgan yili hududda yetishtirilgan uzumning 3,5 foizi, sabzavotning 14,8 foizi, mevaning esa atigi 1 foizi shu yerning o‘zida qayta ishlangan, mavjud 9 ta meva-sabzavot va uzumni qayta ishlash korxonasi 40-50 foiz quvvat bilan ishlagan. Ayni paytda sabzavotchilik va bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish uchun tashkil etilgan 18 ta agrofirmaning faoliyati ham talab darajasida emas. Buning sababi – viloyatdagi meva-sabzavot va uzumni qayta ishlash korxonalariga investitsiyalar, zamonaviy minitexnologiyalarni olib kelish, agrofirmalar faoliyatini kuchaytirish masalalari hamon e’tibordan chetda qolib kelayotgani bilan bog‘liq. Misol uchun, 2007 yilda “Agro minitex ekspo” ko‘rgazma savdosi yakunlariga ko‘ra tanlab olingan 2 milliard so‘mlik 46 ta loyiha oxirigacha to‘liq joriy etilmagan. Shu borada viloyatning Beshariq va Dang‘ara, Oxunboboyev, Uchko‘prik va Quva tumanlarida yil davomida meva-sabzavotni qayta ishlash, o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish va parrandachilik yo‘nalishlari bo‘yicha bironta ham loyiha amalga oshirilmagan. Prezident viloyatda ijtimoiy soha rivojiga baho berar ekan, quyidagi fikrlarni bayon qildi. Albatta, Farg‘ona viloyatida bu masalalar bo‘yicha ko‘pgina ishlar qilindi va qilinmoqda, buni hech kim inkor etolmaydi. Lekin ba’zi bir shahar va qishloqlarda bajarilgan ishlar talab darajasida emas. Bir qator tumanlarda ahvol hali-beri o‘zgarmasdan kelmoqda. Bu avvalambor sog‘liqni saqlash, uy-joy qurilishi, kommunal xizmat va servis sohalariga tegishlidir. Bu haqda ko‘p gapirib o‘tirmasdan faqat bitta muammoni – 1991 yilgacha qurilgan ko‘pqavatli uylarni ta’mirlash masalasini olaylik. Bu borada viloyatda 2007 yilda 332 ta ko‘pqavatli uyni ta’mirlash belgilangan bo‘lib, amalda ularning 276 tasi ta’mirlangan, xolos. Oltiariq tumanini hisobga olmaganda, qolgan barcha tumanlarda berilgan topshiriqlar bajarilmagan. Ayniqsa, Yozyovon va Beshariq, Uchko‘prik va Toshloq tumanlarida bu boradagi ishlar talabga javob bermaydi. Viloyat bo‘yicha hozirgi vaqtda 638 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur shirkatlarda ishlayotganlarning 40 foizi boshqaruv xodimlari bo‘lib, bu me’yorga nisbatan 25 foiz ko‘p demakdir. Bu esa to‘plangan mablag‘larning katta qismi ish haqi uchun sarflanishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada uy-joy fondlarini saqlash, kommunikatsiya tizimlarini ta’mirlash, har xil nosozliklarning oldini olish uchun mablag‘ yetishmayapti. Biz uchun nafaqat ijtimoiy, kerak bo‘lsa, siyosiy ahamiyatga ega aholini ish bilan ta’minlash masalasida ham qator nuqsonlar borligini aytishga to‘g‘ri keladi, dedi Islom Karimov. Masalan, 2007 yilda bandlik idoralariga ish so‘rab murojaat qilgan fuqarolar soni 2006 yildagiga nisbatan qariyb 11 mingtaga yoki salkam 20 foizga oshgani holda, ishga joylashtirilganlar soni o‘tgan yilga nisbatan atigi 1,6 foizga ko‘paygan. Yangi obyektlarni ishga tushirish, ishlab chiqarish korxonalarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish, kasanachilikni rivojlantirish hisobidan ish joylari yaratish masalasiga Dang‘ara, Bag‘dod, Yozyovon, Oxunboboyev, Toshloq va O‘zbekiston tumanlarida yetarli e’tibor berilmayapti. Viloyatda zamonaviy kasb-hunar kollejlarini bitirib chiqayotgan yoshlarni ishga joylashtirish borasidagi ahvolni ham qoniqarli baholab bo‘lmaydi. Xususan, 2007 yilda kasb-hunar kollejlarining 22 ming 550 nafar bitiruvchisidan 12 ming 995 nafari yoki 57,6 foizi ishga joylashtirilgan, xolos. Xo‘sh, qolgan yoshlarning taqdiri haqida, ularning kelajagi haqida kim bosh qotiradi, degan o‘rinli savol tug‘iladi. Yurtboshimiz sessiya ishtirokchilari e’tiborini bunyodkorlik va obodonchilik ishlarining ahvoliga qaratar ekan, shunday dedi. Qadim-qadimdan o‘zining qo‘li gul ustalari, go‘zal maskanlari bilan nom qozonib kelgan Farg‘ona viloyatida keyingi yillarda obodonchilik masalasida ham oqsoqlik alomatlari ko‘zga tashlanmoqda. Uzoqqa bormasdan, viloyat markazi bo‘lgan Farg‘ona shahrini olaylik. Bu shaharning keyingi yigirma-o‘ttiz yil davomida eski holatda, o‘zgarmasdan qolib kelayotganini, ba’zi joylarda nurab ketgan imoratlarni ko‘rib, odam albatta ranjiydi. Viloyat markazini har tomonlama obod va ko‘rkam shaharga aylantirish uchun mahalliy rahbarlar va mutasaddi shaxslarga bir necha bor zarur taklif va tavsiyalar berilgan edi. Lekin, bu masala haligacha ularning e’tiboridan chetda qolmoqda. Ma’lumki, hech qaysi shahar bir-ikki yilda obod bo‘lib qolmaydi, buning uchun ancha muddat kerak. Lekin o‘tgan yillar davomida viloyat rahbarlari mana shu masalani yechishga astoydil kirishganida, bugun juda ko‘p ish qilingan bo‘lar edi. O‘ylaymanki, bunday noxush holatga munosabatimizni tubdan o‘zgartirishimiz kerak, dedi Prezident. Shahar rahbarlari, birinchi galda, shaharning hokimi, ma’muriyati, bosh arxitektori va boshqa mutasaddi shaxslarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish, kerak bo‘lsa, Toshkentdagi yetakchi loyiha institutlarining mutaxassislarini taklif etib, Farg‘ona shahrining o‘ziga xos va shu bilan birga, betakror qiyofasini yaratish haqida barchamiz birgalikda bosh qotirishimiz zarur. Bugungi kunda 3 millionga yaqin odam istiqomat qilayotgan Farg‘ona viloyati mamlakatimizdagi aholi eng ko‘p va zich yashaydigan hududlardan biri hisoblanadi, dedi Islom Karimov sessiya kun tartibiga qo‘yilgan tashkiliy masala haqida to‘xtalar ekan. Tabiiyki, viloyatning bugungi va ertangi kunini o‘ylab, avvalo uning iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash, el-yurtning hayotini tebratish, aholining kundalik ehtiyojlarini qondirish, maktab, kasalxona, transport xizmati ko‘rsatish va boshqa o‘nlab bir-biridan muhim va zarur masalalarni joy-joyiga qo‘yish albatta oson ish emas. Farg‘ona viloyati hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Abduhoshim Abdullayev faoliyatiga shu nuqtai nazardan baho berar ekanmiz, shuni aytish kerakki, o‘tgan yil davomida viloyat o‘z taraqqiyotida qanday natijalarga erishgan bo‘lsa, bularning barchasida uning ham hissasi bor, albatta. U qo‘lidan kelganicha, imkoniyati boricha harakat qilganini e’tirof etishimiz lozim. Lekin, keling, Farg‘ona viloyatida mavjud bo‘lgan ahvolga ochiq ko‘z bilan qaraylik. A.Abdullayev o‘tgan bir yarim yil davomida viloyatning birinchi rahbari sifatida viloyat, tuman va joylardagi rahbar va faollarni ana shu yurt oldida turgan o‘ta muhim va murakkab vazifalarni amalga oshirish uchun birlashtirish va safarbar qilishga, yetakchi sifatida ularni boshqarishga qurbi-qudrati yetmadi. Buning natijasini bugun Farg‘ona viloyatining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishida turli sohalarda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilgani, mavjud muammolar o‘z yechimini topmasdan, tobora to‘planib va ko‘payib borayotgani misollarida ko‘rish mumkin. Bir haqiqatni chuqur anglab olishimiz zarur: mana shu masalalarga, bugun viloyat hayotidagi barchamizni bezovta qiladigan, odamlarni qiynayotgan, yechilmagan muammolarga o‘zimiz o‘z vaqtida to‘g‘ri baho berib, yuzaga kelgan holatga tanqidiy ko‘z bilan qarab, uni ijobiy tomonga o‘zgartirish choralarini ko‘rishimiz kerak. Hech kimga sir emas – har qanday rahbardan, ayniqsa, viloyat va tuman yetakchilaridan aql-zakovat, tashkilotchilik, talabchanlik va qat’iyatlik kabi xususiyatlar qatorida mavjud vaziyatni boshqalarga qaraganda chuqurroq anglash va uzoqni ko‘rish, eng muhimi, keng qamrovli fikr yuritish, har qaysi ishni boshlashdan oldin uning oqibatini ko‘ra bilish, qaror qabul qilayotganda mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish, kerak bo‘lgan joyda qattiqqo‘llik ko‘rsatish talab etiladi. Ayni shunday xususiyat va alomatlarga ega bo‘lmasdan turib, odam o‘zini yetakchi, rahbar, deb hisoblashi o‘zi qiyin. Bu haqda gapirganda, shunday bir holatni o‘zimizga tasavvur qilsak, o‘rinli bo‘ladi, deb o‘ylayman, deb ta’kidladi Yurtboshimiz. Ya’ni, rahbar degan odam o‘zini bamisoli kurash maydonidagi sarkarda deb faraz qilishi kerak. Boshqacha aytganda, sarkarda kurash maydonining pastu balandini, xavfu xatar qaysi tomondan kelishini qanday tasavvur qilsa, rahbar ham o‘zi boshqarayotgan hududning shart-sharoitini, uning barcha jihatlarini va mavjud muammolarni besh qo‘lday bilishi zarur. Ayniqsa, Farg‘ona viloyati misolida oladigan bo‘lsak, har qaysi shahar – bu Farg‘ona yoki Qo‘qon bo‘ladimi, Marg‘ilon yoki Quvasoy bo‘ladimi – bularning o‘ziga xos, o‘ziga mos turmush tarzi, yechilmagan muammolarga ega ekanini unutmaslik lozim. Viloyatdagi mavjud 15 ta qishloq tumani biri ikkinchisiga o‘xshamaydi, har birida o‘ziga yarasha afzal tomonlari bilan birga, qiyinchilik va muammolari ham bor. Bularning barchasi birinchi rahbardan mana shu Farg‘ona zaminida yashayotgan odamlarning ko‘ngliga yetib borish, ularni rozi qilish, amaliy rejalar atrofida birlashtirish, ertangi kunga ishontirish, katta marralar sari safarbar etishni talab qiladi. Bugungi tajriba, bugungi hayot shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday yuksak xususiyat va alomatlarga ega bo‘lish har qanday rahbarga ham berilmas ekan, deb qayd etdi Prezidentimiz. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. A.Abdullayev Farg‘ona viloyati hokimi vazifasidan ozod qilindi. Prezident Islom Karimov tavsiyasiga ko‘ra respublika Yog‘-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasining raisi lavozimida ishlab kelayotgan Mamatisoq G‘afurov Farg‘ona viloyati hokimi etib tasdiqlandi. Bugun xalqimiz va Vatanimiz o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bu bosqichda aniq va ravshan belgilab olgan strategik yo‘limiz, harakat dasturimizni amalga oshirish uchun har birimiz – davlat rahbaridan tortib oddiy fuqarogacha – barchamiz belimizni mahkam bog‘lab mehnat qilishimiz, islohotlarni yanada chuqurlashtirib, mamlakatimizni yangi, yuksak marralarga olib chiqishimiz zarur, dedi Yurtboshimiz. Buni bizdan shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hayotning o‘zi talab qilmoqda. Asrlar davomida oltin vodiy deb nom olgan, nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqamizning tom ma’noda yuragi bo‘lib kelayotgan Farg‘ona viloyati mehnatkashlari ana shu ulkan vazifalarni hal etishda o‘zining munosib hissasini qo‘shib, boshqalarga ibrat va namuna bo‘ladi, deb ishonaman. Buning uchun Farg‘ona viloyatida kuch ham, imkoniyat ham, zamonlar sinovidan o‘tgan tajriba ham yetarli. Eng muhimi, Farg‘ona ahlining bilim va salohiyati, azmu shijoati, har qanday odamni ham o‘ziga tortadigan ajoyib fazilatlari bor. Bunday el bilan har qanday yuksak maqsadlarga erishish mumkin. Hamma gap – bu xalqning qalbiga yo‘l topib, uni ulug‘ orzu-niyatlar sari safarbar eta olishda. O‘ylaymanki, bugun sizlar bilan saylab-tasdiqlab olgan yangi rahbar viloyat ahliga suyanib-tayanib, mavjud muammolarni yechish, Farg‘ona viloyatini har tomonlama rivojlantirish uchun astoydil harakat qiladi, dedi pirovardida Islom Karimov. Sessiyada so‘zga chiqqan Farg‘ona davlat universiteti rektori M.Ahmedov, Qo‘qon shahar 14-Qaymoqli guzari mahalla fuqarolar yig‘ini diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi SH.Mahmudova, Rishton tumani “Umidli tong yulduzi” fermer xo‘jaligi rahbari SH.Sobirov, Farg‘ona shahar hokimi E.Nuraliyev, O‘zbekiston yoshlarining “Kamolot” ijtimoiy harakati viloyat kengashi raisi A.Ahmedov va boshqalar Prezidentimiz nutqida bayon qilingan tanqidiy fikr-mulohazalardan zarur xulosalar chiqargan holda, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish, belgilab berilgan maqsad va vazifalarni muvaffaqiyatli ado etish yo‘lida viloyat ahli bir yoqadan bosh chiqarib, uyushqoqlik bilan astoydil mehnat qilishi zarurligi haqida gapirdilar.
|