| O‘zbekiston-Birlashgan Arab Amirliklari: hamkorlik aloqalari kengayadi O‘zA, Anvar Boboyev, 18.03.2008 20:20 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifining ikkinchi kuni Abu-Dabi markazidagi shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon maqbarasiga tashrif buyurdi. 1971-2004 yillar davomida Birlashgan Arab Amirliklariga rahbarlik qilgan bu arbob mazkur davlatning tashkil topishi, mustaqillikka erishishi va rivojlanishiga g‘oyat katta hissa qo‘shgan. Uning xalqaro maydondagi nufuzi ham juda yuqori edi. Islom Karimov maqbara yonida barpo etilgan masjidni ham ko‘zdan kechirdi. Shundan so‘ng mamlakatimiz rahbari Dubay shahriga keldi. “Zaabil” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bilan Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Islom Karimov Dubay Amirligi Birlashgan Arab Amirliklarining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutishini, O‘zbekiston bilan hamkorlikni faol rivojlantirayotganini ta’kidladi. Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum O‘zbekiston Respublikasi Birlashgan Arab Amirliklarining Markaziy Osiyodagi eng ishonchli sheriklaridan ekanligini, ushbu tashrif o‘zaro munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qilishini alohida qayd etdi. Suhbat chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarning ijrosi, yangi loyihalarni tuzish imkoniyatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. Tashrif asnosida mamlakatlarimiz o‘rtasida xavfsizlik, atrof-muhit muhofazasi, sayyohlik, savdo-iqtisodiy va texnikaviy hamkorlik, qimmatli qog‘ozlar bozori, savdo-sanoat hamda ilm-fan va madaniyat muassasalarining hamkorligini nazarda tutuvchi qator hujjatlar imzolandi. Bu ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan o‘zaro munosabatlarning yangi bosqichi boshlanganidan dalolat beradi. Toshkent–Abu-Dabi–Dubay–Toshkent
|